KONIMEX TUMAN  MAKTABGACHA TA’LIM BO‘LIMI TO‘G‘RISIDA 
NIZOM


1-bob.  Umumiy qoidalar
           1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5198-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3305-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Konimex tuman  maktabgacha ta’lim bo‘limining (keyingi o‘rinlarda bo‘lim deb yuritiladi) huquqiy maqomini, asosiy vazifalari va funktsiyalarini, huquq hamda majburiyatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tuzilmaviy bo‘linmasi hisoblanib, Konimex tumani bo‘yicha maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha boshqaruv organidir.
3. Bo‘lim Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Maktabgacha ta’lim vazirligining buyruq va ichki me’yoriy hujjatlariga, Maktabgacha ta’lim vazirligihay’ati bayonnomasi qarorlariga, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va mahalliy hokimliklarning qarorlariga, ushbu nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Bo‘lim o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Bo‘lim yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasviri va o‘z nomi tushirilgan muhr va blanklarga, mustaqil balansiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligining hududiy bo‘linmalarida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga ega bo‘ladi.
7. Bo‘limning yuridik manzili (pochta manzili): Navoiy viloyati, Konimex tuman, Usmon Yusupov ko‘chasi, 33-uy, indeks:.

2-bob. Bo‘limning vazifalari va funktsiyalari
8. Quyidagilar bo‘limning vazifalari hisoblanadi:
vakolatidan kelib chiqib, tuman hududida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish orqali ular orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, maktabgacha ta’lim-tarbiyaning muqobil shakllarini tashkil etish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash;
ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash;
maktabgacha ta’lim muassasalarida davlat talablarining to‘laqonli bajarilishini ta’minlashda kuzatish va tahlil natijasida tarbiyalanuvchilarbilimida aniqlangan bo‘shliqlar va ularni to‘ldirish yuzasidan amaliy metodik yordam ko‘rsatish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari va  usullarini, maktabgacha ta’lim sohasida o‘rganilgan ilg‘or ish tajribalarini joriy etish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni maktabgacha ta’lim bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatish, tahlil qilish hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ularga metodik yordam ko‘rsatish;
maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog va tarbiyalanuvchilari tomonidan o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlardan foydalanishda metodik yordam ko‘rsatish;
zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda  bolalarni tarbiyalash, maktab ta’limiga tayyorlash va har tomonlama rivojlantirishda tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan tajribali va malakali kadrlar bilan ta’minlash;
tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish;
tuman  maktabgacha ta’lim bo‘limi va uning tizimidagi kadrlar zahirasini shakllantirish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida ilg‘or ish tajribalarni aniqlash, o‘rganish, umumlashtirish va ommalashtirish ishlarining samarali usullarini amaliyotga tatbiq etish hamda viloyat miqyosida ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or samarali shakl va usullarini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish hamda uzluksiz metodik xizmatni yo‘lga qo‘yishda metod birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining belgilangan tibbiy me’yorlar asosida sog‘lom, xavfsiz, ratsional (to‘laqonli) ovqatlanishini ta’minlash va nazorat qilish;
tarbiyalanuvchilar va pedagoglarning salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlashni ta’minlash;
maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyati samaradorligini oshirish.
9. Bo‘lim o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
tuman hududida maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda aholining maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish va maktab ta’limiga sifatli tayyorlashda maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan davlat talablariga amal qilinishini monitoring va nazorat qilish;
bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlashning alternativ shakllari bo‘lgan qisqa muddatli guruhlar, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish hamda ta’lim xizmatlarining turlarini ko‘paytirishda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;
davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini  maktabgacha ta’lim tizimiga oid ishlab chiqilgan normativ-xuquqiy hujjatlarda belgilangan talablariga muvofiq amalga oshirilishi bo‘yicha uzluksiz metodik yordam ko‘rsatish;
maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalarning ota-onalariga farzandlarini maktabgacha ta’limga qamrab olish va maktab ta’limiga tayyorlash masalalarida metodik maslahatlar berish;
hududdagi imkoniyati cheklangan bolalarni uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish va  rivojlantirish;
ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalaridagi jismoniy va psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilarni  sog‘lomlashtirish, ularning  imkoniyatiga ko‘ra ta’lim-tarbiya va korrektsion ishlarni tashkil etish;
hudud maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan samarali ish usullarini ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda yoritib borishni ko‘zda tutuvchi tadbirlarni amalga oshirish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning bilimi va ma’naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish maqsadida so‘rovnoma, davra suhbatlari o‘tkazish orqali jamoatchilik fikrini o‘rganishni tashkil qilish;
ovqatlantirishni  tashkil etishga ma’sul xodimlar hamshiralar, oshpazlar, omborchilarni har uch yilda bir marta maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha malakasini oshirish ishlarini tashkil qilish;
hududiy sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
maktabgacha ta’lim muassasalaridagi izlanuvchan, ijodkor, ilg‘or yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan pedagog xodimlarni samarali xizmatlari, erishgan yutuqlari uchun davlat va sohamukofotlariga belgilangan tartibda tavsiya etish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi va ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanishi, ta’lim muassasalarining kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarini tashkillashtiradi;
bo‘limning markazlashgan buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tuzish, bo‘lim markaziy apparati va markazlashgan mablag‘lari xarajatlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, bo‘limning moddiy boyliklari, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va bo‘lim faoliyatiga doir boshqa xizmatlar bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablariga asosan hisob-kitoblarni amalga oshirish;
barcha turdagi moliyaviy hisobotlarni (choraklik va yillik) tegishliligi bo‘yicha yuqori tashkilotlarga topshirish hamda davlat statistika, soliq, moliya organlariga, tegishli bank va ijtimoiy ta’minot bo‘linmalariga hisobot berib borish;
faoliyati doirasidagi masalalar bo‘yicha fuqarolarni qabul qiladi, murojaat, ariza va shikoyatlar, taklif va tavsiyalarni o‘rganadi, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan vakolati doirasida tegishli choralar ko‘radi.
Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajarishi mumkin.

3-bob. Bo‘limning huquq va majburiyatlari
10. Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
hududdagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan ularning vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha hujjatlar, statistik ma’lumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni olish;
bo‘limga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog‘liq hujjatlarni belgilangan tartibda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasiga kiritish;
maktabgacha ta’lim tizimiga oid masalalarni hal etish, ta’lim muassasalari faoliyati ishlarini takomillashtirish, ularning o‘quv-metodik va moddiy bazasini mustahkamlash, yuqori kasbiy darajaga ega bo‘lgan malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash yuzasidan takliflarni yuqori boshqaruv organlariga kiritish;
hay’at yig‘ilishlarida bo‘lim vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha  maktabgacha ta’lim muassasalari hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishda o‘zining samarali hissasini qo‘shgan pedagoglar va rahbar kadrlarni rag‘batlantirish va mukofotlashga tavsiya etish;
o‘z faoliyatini keng yoritish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda boshqarmaning ruxsatiga ko‘ra rasmiy veb-saytlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yaratish;
vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha tizimdagi maktabgacha ta’lim muassasalari hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qilish huquqlariga egadir.
Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Bo‘lim quyidagilarga majbur:
amaldagi qonun hujjatlari hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Navoiy viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining normativ hujjatlarini o‘z vaqtida, qat’iy, sifatli va samarali bajarishga;
o‘ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob berishga;
hududidagi maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olinishi va maktab ta’limiga sifatli tayyorlanishiga;
maktabgacha ta’lim muassasalariga uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatishga;
o‘z faoliyati to‘g‘risida ochiq axborotlar bilan tanishish erkinligini ta’minlashga;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishga.
Bo‘limga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

4-bob. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish
12. Bo‘limga hududiy mahalliy davlat hokimligi va maktabgacha ta’lim boshqarmasining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha  ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bo‘lim mudiri rahbarlik qiladi.
13.Bo‘lim mudiri:
bo‘lim faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda bo‘limga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
tuman hududi bo‘yicha maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda bo‘limga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishini nazorat qiladi;
bo‘limdagi xodimlarning vakolatlarini hamda tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha javobgarlik darajasini belgilaydi;
qabul qilingan qarorlar, buyruqlar ijrosi ta’minlanishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ularning ijro etilishini tashkil etadi va nazorat qiladi;
bo‘lim nomenklaturasida bo‘lgan kadrlarni (vazirlik nomenklaturasidan tashqari) belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
bo‘lim mudiri o‘z vakolati doirasida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

5-bob. Bo‘limni moliyalashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish
14. Bo‘lim moddiy-texnik ta’minoti va xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
15. Bo‘lim faoliyati davomida xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilishni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
16. Bo‘lim xodimlarining ish haqi amaldagi qonun hujjatlariga, shtatlar jadvaliga asosan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haq va ustamalar, rag‘batlantirish to‘lovlari, shuningdek moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam to‘lovlaridan iborat bo‘ladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
17. Bo‘limni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.







YOPISH